Mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqarilgan dori vositalarini Rossiya Federatsiyasida Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonini yengillashtirish va bu orqali eksport hajmini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi hamda Rossiya Federatsiyasi Sanoat va savdo vazirligi Farmatsevtika va tibbiyot sanoatini rivojlantirish departamenti o‘rtasida yo‘l xaritasi tuzilgan.
“Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasida zarur ishlab chiqarish amaliyoti sohasidagi normativ-huquqiy tartibga solishni baholash va uyg‘unlashtirish bo‘yicha” yo‘l xaritasining 3-bandiga asosan dori vositalarini ishlab chiqaruvchi korxonalarda o‘tkaziladigan farmasevtik inspeksiyalarga yondashuvni baholash maqsadida qo‘shma inspeksiyalar o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Rossiya Federatsiyasi GMP yo'nalishidagi inspektorlarini farmatsevtik inspeksiya o‘tkazishdagi yondashuvlarini baholash maqsadida Moskva viloyatida joylashgan, insulin dori vositasini ishlab chiqarish bo‘yicha eng yirik korxonalar qatorida bo‘lgan "Gerofarm" korxonasida 2023 yil 2-3 oktyabr kunlari "Zarur amaliyotlar markazi" DUK xodimlari tomonidan ishchi guruh qo‘shma inspeksiya olib bormoqda.